Bog'lanish

Telefon
(372) 223-53-58

Elektron manzil
jizzax@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni1008

Янгиликлар

30

Prezident hujjatlari ijrosini Adliya vazirligi nazorat qiladi.


Qonun hujjatlari amaliyotga joriy etilmas ekan uning xalq uchun xech qanday qadr-qimmati boʻlmaydi. Avvalo aholi, mamlakatda yashayotgan har bir fuqaro manfaati yoʻlida qabul qilinadigan qonun hujjatlari oʻzining ijrosi bilan goʻzal.  
Prezidentimizning Oliy Majlisga yoʻllagan murojaatnomasida ham aynan mana shu masalaga alohida urgʻu berildi. Bundan buyon, Adliya vazirligining asosiy vazifasi qabul qilingan hujjatlarni masʼullarga yetkazish, tushuntirish, amaliyotda qoʻllashga koʻmaklashish va nazorat qilish hicoblanadi. Tahlillarga koʻra soʻngi yillarda asosiy urgʻu qarorlarni bajarilishi ustidan nazorat qilishga qaratilgan edi. Endi mazkur masalada yangi tizim taklif etildi. Unga koʻra qabul qilingan qonunlar, farmon va qarorlarining toʻgʻri va aniq mazmun va mohiyati viloyat, tuman (shahar) rahbarlariga bevosita yetkaziladi. Mazkur hujjatlarda belgilangan ijrochilar tomonidan ayrim masalalarda tushunmovchiliklar yuzaga kelganda, adliya organlari tomonidan topshiriq toʻlaqonli tushuntirib berish choralari koʻriladi. Bunda, adliya organlariga zarur sharoitlar yaratiladi. Prezident yoki boshqa qonun hujjatlari bilan berilgan topshiriqni ijro etishda, ijrochi vazirlik va idoralar tomonidan ijroni taʼminlashda qiyinchiliklar yuzaga kelganda, adliya organlari ushbu topshiriqni ijrosi tashkil etishga koʻmaklashadi. Bundan tashqari, qonun hujjatlari talablarini ijro qilmaslik, normalarni oʻzboshimchalik bilan yoki notoʻgʻri talqin qilish, qonunni qoʻllashda subyektivlik, tor idoraviy yondashish holatlarini aniqlaydi va kelgusida yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻradi. Eng asosiy yangiliklardan biri, bu mazkur jarayonga keng jamoatchilikni jalb qilish vazifasi ham qoʻyilgan.
Bunda, “jamoatchilik eshituvlari” va “jamoatchilik monitoringi” institutlaridan keng foydalaniladi. Yaʼni ijrosi bajarilmagan topshiriqlar boʻyicha maʼlumot fuqarolar tomonidan xabar berish tizimi orqali yuboriladi. Kerak boʻlsa, mobil ilova ishga tushiriladi.
Yuqorida aytib oʻtilgan jarayonlar barcha ommaviy axborot vositalari, jumladan televideniye orqali “Prezident qarorlari – hayotda va nazoratda” dasturlari yordamida yoritiladi. 
Jizzax viloyat adliya boshqarmasi tomonidan ham qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini aholiga va ijrochilarga yetkazish borasida sarali mexanizm joriy etilgan. Barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarda xodimlar uchun oʻz sohasiga oid qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini tushuntirish, targʻibot materiallarini yetkazish va targʻibot tadbirlarida bevosita hamkorlik qilish borasida koʻrsatma xatlari kiritilib, bu boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilishi yoʻlga qoʻyildi. 
Shu bilan birga, bu borada OAV va ijtimoiy tarmoq imkoniyatlaridan keng foydalanishga aloxida eʼtibor qaratilmoqda. Boshqarma xodimlari tomonidan “Jizzax rahbarlari & Adliya” telegram kanali tashkil etilgan. Mazkur guruxga viloyat va tuman xududidagi barcha organ, tashkilot va muassasalarning rahbarlari aʼzoligi taʼminlangan boʻlib qonunchilikdagi yangiliklar, oʻzgarishlar tezkorlik bilan joylab boriladi. Jizzax viloyat teleradiokompaniyasi orqali “Tv sharx”, “Adliya xabari” koʻrsatuvlari aynan yangi qabul qilingan qonun hujjatlarini mutaxassislar ishtirokida sharxlashga, sodda, xalqchil tilda aholiga yetkazishga qaratilgan dasturlar boʻlib, endilikda yana bir yangi tashabbus sifatida “Loyiha muhokamasi” deb nomlangan koʻrsatuv ham tashkil etildi.Mazkur koʻrsatuv xalq muhokamasiga qoʻyilgan qonun hujjatlarini keng aholiga yetkazish, fuqarolarning muhokamada ishtirokini taʼminlash, ular tomonidan beriladigan takliflar sonini oshirishni maqsad qilib olgan. “Pedagog xodimning maqomi toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasi koʻrsatuvning ilk soni sifatida efirga uzatildi. 
  Qonunlar jamiyatda soat mexanizmiday ishlashi kerak. Bu degani huquqiy soxada xech qanday kamchilik va muammo boʻlmasligi, soat koʻrsatgichlari vaqtni aniq koʻrsatgani kabi qonun hujjatlari ham aniq va puxta ishlanishi, shu bilan birga sohalarni, bu orqali mamlakatni taraqqiy etishiga xizmat koʻrsatishi lozim. Shu maʼnoda Jizzax viloyat adliya boshqarmasi tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlari yuridik xizmati xodimlarining faoliyati tanqidiy tahlil qilinganda, joriy yilda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan jami 18 mingdan ortiq qaror va 2 296 ta farmoyishlar qabul qilingan boʻlib, ularning 178 tasi prokuratura va adliya organlarining protest va taqdimnomalariga asosan bekor qilingani maʼlum boʻldi.  Mazkur qarorlar yuridik jixatdan mukammal ishlanmaganligi, hato va kamchiliklardan holi emasligi bunga asosiy sabablardan biri boʻlganligi, shuningdek yuridik xizmat xodimlarining bilim va maʼsuliyati aynan bu jarayonda katta ahamiyat kasb etishi endi kundek ravshan boʻlib qoldi. Demak, oldimizda turgan vazifalarimiz katta, maqsadlarimiz esa oliy. 
Biz insonlarga huquqiy yangiliklarni shunday qiziqarli va noodatiy tarzda yetkazishimiz kerakki, xuddi mohir oshpaz kabi. Taomning chiroyli koʻrinishi ishtahani ochish bilan birga unga nisbatan qiziqishni oshiradi, rohatlanish xissini uygʻotadi. Yurist sifatida huquqiy bilimlarni taqdim etishning ham eng samarali va guzal usullarini oʻylab topishimiz kerakki, axborotga tashna boʻlib turgan inson ongi uni oʻzi uchun eng kerakli maʼlumot sifatida qabul qilsin va bir umr yodida qolsin.       

Said Raximov
Jizzax viloyat adliya boshqarmasi 
Huquqiy targʻibot va maʼrifat boʻlimi boshligʻi