Янгиликлар
Bolalarni majburiy mehnatga jalb etish - Jinoyat!
Endilikda, voyaga etmaganlarni majburiy mehnatga jalb qilish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasining ayrim kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi Qonun (O‘RQ-673-son) Prezident tomonidan imzolandi. (12.02.2021)
Qonun bilan Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, 16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxsning 18 yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgani holda uni mulkiy manfaatdor etish orqali u bilan jinsiy aloqa qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.
Ushbu jinoyatni sodir etgan shaxsga 2 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin.
SHuningdek, voyaga etmagan shaxsni g‘ayriqonuniy jamoat birlashmalari va diniy tashkilotlar, oqimlar, sektalar faoliyatida qatnashishga undaganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.
Ushbu jinoyatni sodir etgan shaxsga nisbatan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Jinoyat kodekslariga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, voyaga etmagan shaxsni mehnatga biror-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlagan shaxs to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka tortilishi belgilandi.
(Ilgari ma’muriy jazo qo‘llanilgandan so‘ng, takroran sodir etilgan taqdirdagina jinoiy javobgarlik belgilangan edi.)
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Ulmas ABDIEV
Mirzacho‘l tuman adliya bo‘limi boshlig‘i