Bog'lanish

Telefon
+998 72 221 50 50

Elektron manzil
jizzax@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni1008

Янгиликлар

24

Kredit qarzdorligini kelib chiqish sabablari


Kredit qarzdorligini kelib chiqish sabablari

Oxirgi yillarda kredit bozorining erkinlashuvi jismoniy shaxslar uchun ham oʻz faoliyatini moliyalashtirishning keng imkoniyatlarini yaratdi. Odamlar avtomobil, uy-joy yoki shunchaki iste'mol uchun kredit olishga kirishdi. Bu albatta ularning ijtimoiy-iqtisodiy ahvollarini yaxshilamoqda, ehtiyojlarini qondirishga xizmat qilmoqda. Shunga muvofiq jismoniy shaxslarning qarz yuki ham oshib bormoqda.
Shuningdek, bu kreditga oid fuqarolik nizolari koʻpayishiga olib kelmoqda va sud amaliyotida ham oʻz aksini topmoqda. Shunday qilib, bugungi kunda kredit undirish bilan bogʻliq nizolar eng koʻp koʻrilgan fuqarolik ish turiga aylanib ulgurgan.
Kredit doim maqsadli va haq evaziga boʻladi, koʻpchilik holatlarda u aniq bir ta'minot chorasi bilan mustahkamlanishi talab etiladi. Masalan, mol-mulk garovi yoki kafillik kabi ta'minot usullari keng qoʻllaniladi. Uncha katta boʻlmagan kreditlar olishda kafillik kredit majburiyatlari bajarilishi uchun asosiy ta'minot shakli boʻlib qolmoqda. Odatda kafil boʻlish uchun etarli ish haqiga ega boʻlish, voyaga etgan va muomalaga layoqatli boʻlish talab qilinadi.
Ahamiyatli jihati, kreditlarni vaqtida toʻlamaslik holatlarida qarzni toʻlash majburiyati qarzdorninggina emas, balki kafillar zimmasiga ham tushmoqda. Yoki qarzdorning kredit olishi uchun garovga mol-mulkini qoʻyib bergan boshqa shaxslar mol-mulkidan ajrab qolmoqda. Koʻpchilik kafillar sudda kafillikning mazmunini tushunmaganini, kafillik bu shunchaki rasmiyatchilik, shartnomaga imzo qoʻyib berish etarli deb oʻylaganini, kredit boʻyicha qarzni toʻlashi lozimligini tasavvur qilmaganini bildiradi. Shuningdek, ular qarzdor oʻz qarzini vaqtida toʻlaydi, deb ishonishganini ham e'tirof etadi. Agar sizdan ham tanish-bilishlar, qarindosh-urugʻlar kredit uchun kafil boʻlishni soʻrasalar, bunday kafil boʻlishga shoshilmaslik.
Garchi kafil qarzdor tomonidan olingan kredit pul mablagʻlariga hech qanday huquqi boʻlmasa ham, bank oldida ushbu kredit uchun qarzdor bilan teng javobgar boʻladi. Masalan, agar qarzdor kredit toʻlovlarini oʻz vaqtida toʻlay olmasa, kafil kredit boʻyicha barcha toʻlashi kerak boʻladi.
Kafillikning asosiy funksiyasi ehtimoliy yoʻqotishlar roʻy berganda kreditorning huquq va manfaatlarini qoplash vositasi boʻlib xizmat qiladi. Fuqarolik kodeksining 292-moddasi birinchi qismida kafillik shartnomasi boʻyicha kafil boshqa shaxs (qarzdor) oʻz majburiyatini toʻla yoki qisman bajarishi uchun uning kreditori oldida javob berishni oʻz zimmasiga olishi belgilangan. Shuningdek, FKning 293-moddasi ikkinchi qismida, basharti kafillik shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, kafil kreditor oldida qarzdor bilan baravar hajmda javob beradi, deb qayd qilingan.
Koʻpchilik oʻylaydiki, bank avval qarzdordan kredit qarzdorligini talab qiladi, u toʻlay olmasagina kafildan talab qiladi. Lekin doim ham unday emas. Kafillikda kafilning javobgarligi subsidiar yoki solidar tarzda belgilanishi mumkin (shartnomada belgilanadi). Ya'ni, subsidiar javobgarlik belgilanganda bank avval qarzdordan qarzni undirish choralarini koʻrishi, imkoni boʻlmagandagina kafildan qarzni toʻlashni talab qilishi mumkin. Solidar javobgarlik belgilan taqdirda (bu eng koʻp qoʻllaniladigan holat) bank birdaniga qarzdor va kafildan qarzni toʻlashni talab qiladi (sud tartibida). Koʻrinib turganidek banklar oʻzi uchun qulay shaklni tanlaydi, deyarli doim kafilga solidar javobgarlik belgilovchi shartlarni belgilaydi. Ya'ni, qarzdor vaqtida qarzini toʻlamasa, bank kafildan ham qarzni toʻlashni talab qilish huquqiga ega boʻladi. Har qanday holatda ham kafil butun mol-mulki bilan kredit qarzi boʻyicha toʻliq javobgar boʻladi.
Koʻpchilik holatlarda banklar qulayroq undirish mexanizmini qoʻllashadi, kafilning bank kartasi (hisob raqami)dan kredit qarzini darhol undirib olishga kelishib olishadi. Bunda kredit toʻlovi vaqtida qarzdor qarzini toʻlmagan boʻlsa, toʻgʻridan-toʻgʻri kafilning hisob-raqamidan qarz echib olinadi.
Koʻpchilik oʻylaydiki, kreditga kafillik shartnomasini tuzgach, keyinroq undan voz kechish mumkin va oson. Lekin aslida bunday emas. Kafillik qarzdor majburiyatlari boʻyicha kafilda ham majburiyat vujudga keltiradi. Qonunchilikka koʻra shartnomani bir tomonlama bekor qilish, ya'ni kafillikdan bir tomonlama voz kechishga yoʻl qoʻyilmaydi. Masalan, kafil shartnoma tuzganidan keyin ishidan ayrilsa, kasal boʻlib qolsa, qarzdor (kredit olgan tanishi) bilan janjallashib qolsa ham kafillik oʻz kuchida qolaveradi. Kafillik shartnomasini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun bank bilan kelishish kerak boʻladi, bank esa hech qachon oʻz ta'minoti zarariga harakat qilmaydi. Kafillik qachonki kredit qarzi toʻliq toʻlanganda, qarz majburiyati boshqa shaxsga oʻtkazilganda yoki kafillik muddati oʻtib boʻlgandan keyin tugaydi. Yana bir yoʻli kafilni almashtirishni soʻrab bankka murojaat qilish, agar tomonlar kelishsa kafilni boshqa shunday shaxsga almashtirish mumkin.
Albatta, bankdan kredit qarzdorligi kafildan undirilsa, ayni toʻlangan summani qarzdorning oʻzidan talab qilish mumkin boʻladi. Masalan, siz doʻstingizning kreditiga kafil boʻldingiz, bank qarzni sizning hisob-raqamingizdan echib oldi yoki sud tartibida sizdan kredit qarzini undirib oldi (qarzdor toʻlay olmagani uchun). Endi siz oʻzingiz toʻlagan pullarni qarzdordan talab qilishingiz mumkin boʻladi.

Fuqarolik ishlari boʻyicha Jizzax 
tumanlararo sudi sudyasi A.A.Baybekov