Yangiliklar
Bugungi kunda avtomashina oldi-sotdisi keng tarqalgan bo‘lib, ayrim hollarda fuqarolar o‘rtasida bu jarayon oddiy ishonch va og‘zaki kelishuv asosida amalga oshirilmoqda. Ammo bunday yondashuv ko‘plab huquqiy muammolar va moliyaviy yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin.
Fuqarolik kodeksining 185-moddasiga muvofiq, agar mol-mulkni boshqa shaxsga berish haqidagi shartnoma davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi yoki notarial tasdiqlanishi kerak bo‘lsa, mol-mulkni oluvchida mulk huquqi shartnoma ro‘yxatdan o‘tkazilgan yoki tasdiqlangan paytdan boshlab, shartnomani ham notarial tasdiqlash, ham davlat ro‘yxatidan o‘tkazish zarur bo‘lganida esa — ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytdan boshlab vujudga keladi.
Shuningdek, amaldagi tartiblarga asosan, avtomashinani boshqa shaxsga o‘tkazish faqatgina notarial tasdiqlangan shartnoma orqali hamda tegishli davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan keyingina qonuniy kuchga ega bo‘ladi. Demak, faqat pul berib, kalitni olish orqali fuqaro transport vositasining egasiga aylanmaydi.
Yana bir muhim jihat — Fuqarolik kodeksining 114-moddasiga ko‘ra, qonun talablariga rioya qilinmasdan tuzilgan bitimlar haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Bu esa og‘zaki kelishuv asosida amalga oshirilgan avtomashina oldi-sotdisi huquqiy kuchga ega emasligini bildiradi.
Amaliyotda ko‘p uchraydigan holatlardan biri avtomashina pul to‘lab olingan bo‘lsa-da, u rasman sotib oluvchi nomiga o‘tkazilmagan bo‘ladi. Nizo kelib chiqqan taqdirda, pul bergan shaxs o‘z haqini har doim ham isbotlay olmasligi mumkin.
Bundan tashqari, avtomashina garovda, ta’qiq ostida yoki qidiruvda bo‘lishi ehtimoli ham bor. Faqatgina ro‘yxatdan o‘tkazish orqali bunday xavflarning oldini olish mumkin.
Xulosa qilib aytganda, avtomashina oldi-sotdisida og‘zaki kelishuvga ishonish — bu o‘z mablag‘ni xavf ostiga qo‘yish demakdir. Har bir fuqaro bitimni qonun talablariga muvofiq rasmiylashtirishi orqali o‘z huquqlarini himoya qilishi zarur.
A.A.Saidxonov
Fuqarolik ishlari bo‘yicha
Jizzax tumanlararo sudi sudyasi
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 295-moddasiga asosan, sud yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni, shu jumladan, hujjatning shaxsga tegishliligi faktini belgilash haqidagi ishlarni ko‘rib chiqadi.
Hozirgi kunda fuqarolarimiz tomonidan ularning ism-familiyalaridagi nomuvofiqlik sabab pensiya olishda turli muammolarga duch kelayotganligi oqibatida sudlarga murojaatlar soni ortib bormoqda. Fuqarolarning arxivdan olingan buyruq yoki mehnat daftarchasidagi ism-sharifi pasport (yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi)dagi ma’lumotlarga mos kelmaydi. Bir qarashda kichik tuyulgan bitta harf yoki “t” o‘rniga “d” yoki “o‘” o‘rniga “u” yozilishi kabi va boshqa texnik xato sabab uning ish staji tasdiqlanmay qolishiga sabab bo‘lmoqda. Pensiya jamg‘armasi esa hujjatlar o‘rtasida tafovut bo‘lganda, ushbu ish davrini stajga qo‘shishga haqli emas.
Ayniqsa, agar tashkilot tugatilgan va arxiv hujjatlarida xatolik bo‘lsa, uni ma’muriy yo‘l bilan tuzatib bo‘lmaydi. Bunday vaziyatda yagona yechim fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilishdir. Ushbu holda fuqarolar sudga murojaat qilishda quyidagilarga e’tibor qaratmoqlari lozim.
Jumladan,
-fuqaro o‘zi yashab turgan hududdagi sudga hujjatning shaxsga tegishliligi faktini belgilash to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilishi mumkinligiga;
-arizaga mehnat daftarchasi, arxivdan ko‘chirma, diplom va xato yozilgan boshqa hujjatlar ilova qilishi, ushbu hujjat aynan unga tegishli ekanini tasdiqlovchi bilvosita dalillar (masalan, o‘sha davrda birga ishlagan guvohlarning ko‘rsatmasi bo‘lishi mumkin) taqdim etilishi mumkinligiga;
-mazkur faktni aniiqlash qonun bilan boshqa organning vakolatiga kirish-kirmasligiga;
-fuqaroning oxirgi ish joyi ma’muriyati tomonidan uning familiyasi, ismi, otasining ismi va tug‘ilgan vaqti haqidagi o‘zgartirishlarni kiritish mumkinligi to‘g‘risidagi dastlabki hal qilish tartibiga rioya etilgan-etilmaganligiga ahamiyat berishlari lozim.
Albatta, ushbu holatlarga sudlar tomonidan ham alohida e’tibor qaratilishi tabiiy. Biroq sudga qadar fuqarolarning yuqoridagi holatlarni e’tiborga olishlari, avvalambor, ularning vaqtini tejaydi, ortiqcha sarf-xarajatlarning oldi olingan bo‘ladi. Belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, qabul qilingan sud qarori qonuniy kuchga kirgach, ushbu hujjat Pensiya jamg‘armasi tomonidan ish stajini hisoblash uchun asos sifatida qabul qilinadi.
Xulosa o‘rnida aytish lozimki, bu kabi ovoragarchiliklarning oldini olish uchun har bir xodim ishga kirayotganda yoki ishdan bo‘shayotganda buyruq va mehnat daftarchasidagi yozuvlarni pasport yoki ID-karta ma’lumotlari bilan solishtirib ko‘rishi maqsadga muvofiqdir. O‘z navbatida ish beruvchi ham har bir xodimning kelgisidagi taqdiriga befarq bo‘lmasdan buyruqlarni qabul qilishga sinchkovlik bilan yondoshmog‘i talab etiladi.
A.A.Saidxonov
Fuqarolik ishlari bo‘yicha
Jizzax tumanlararo sudi sudyasi
Har kuni dunyo boʻyicha yuz minglab odam donor qoniga ehtiyoj sezadi. Ayniqsa, onkologik, gematologik kasalliklarga chalingan insonlar, baxtsiz hodisa tufayli ogʻir tan jarohati olgan va murakkab operatsiyalarga muhtoj bemorlar hayotini saqlab qolishda qon muhim vosita sanaladi.
Donorlik esa qon va uning komponentlariga muhtoj insonlar uchun begʻaraz koʻmakdir.
Jizzax viloyat adliya tizimi xodimlari ham "Mehr ulash" aksiyasida faol ishtirok etdilar.
Donorlik — bu hurmatga sazovor ish, donor esa, juda ham oliyjanob insondir.
Do'stlik tuman adliya bo'limi davlat xizmatlari markazi xodimlari tomonidan “Bog'zor” MFYda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 05.01.2026-yildagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-1-son Qarorining mazmun-mohiyati haqida huquqiy targ‘ibot o'tkazildi.
Shu bilan birga xodimlar tomonidan sayyor davlat xizmatlari ko'rsatilib, 10ga yaqin fuqarolarning murojaatlari joyida hal etildi.
Bundan tashqari, “Ijtimoiy reyestr” axborot tizimiga kiritilgan fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatilishini ta’minlash, yoshlar, xotin-qizlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni, shuningdek tadbirkorlik subyektlarini qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlar, preferensiyalar, subsidiyalar, grantlar va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning boshqa turlari hamda ulardan foydalanish tartibi haqida xabardor qilish, huquqiy muammolarini aniqlash, “mahalla yettiligi”ga qonunchilik hujjatlarining mohiyati va ahamiyatini oddiy va xalqchil tilda yetkazish va mahalla fuqarolar yig‘inida yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirishda metodik yordam ko‘rsatildi.
“Oyning eng yaxshi texnik xodimi”ni aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan adliya organlarining tegishli Komissiyalari xulosasiga koʻra 2026-yil aprel oyining eng yaxshi texnik xodimi aniqlandi:
Hasanov Farrux Gulmurod o'g'li – Baxmal tuman adliya bo'limi davlat xizmatlari markazi hisoblash texnikasi operatori.
Ma’lumot uchun: “Oyning eng yaxshi xodimi” ragʻbatlantirish tariqasida bir oylik ish haqi fondi miqdorida pul bilan (bir martalik) mukofotlanadi.
Jizzax viloyat adliya boshqarmasi ushbu xodimni muborakbod etib, kelgusi faoliyatiga ulkan muvaffaqiyat va zafarlar tilaydi.
“Oyning eng yaxshi boshqaruv xodimi”ni aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan adliya organlarining tegishli komissiyalari xulosasiga koʻra 2026-yil aprel oyining eng yaxshi boshqaruv xodimi aniqlandi:
Husanova Maftuna Nabi qizi – Zarbdor tuman adliya bo'limi Davlat xizmatlari markazi bosh mutaxassisi.
Ma’lumot uchun: “Oyning eng yaxshi xodimi” ragʻbatlantirish tariqasida bir oylik ish haqi fondi miqdorida pul mukofoti bilan (bir martalik) taqdirlanadi.
Jizzax viloyat adliya boshqarmasi ushbu xodimni muborakbod etib, kelgusi faoliyatiga ulkan muvaffaqiyat va zafarlar tilaydi!
Jizzax viloyat adliya boshqarmasi tashabbusi bilan xodimlarning ma’naviy salohiyatini va ishchanlik kayfiyatini oshirish maqsadida manaviy-ma'rifiy tadbirlar tizimli tashkil etib borilmoqda.
Ushbu yo'nalishdagi navbatdagi tadbir Jizzax viloyati tarixiga bag'ishlandi. Mazkur tadbirga talaba yoshlar ham taklif etildi.
Jizzax davlat pedagogika universitetining O'zbekiston tarixi kafedrasi dotsenti Jo'rabek Begimqulov va tarixchi olim Ihtiyor Esanovlar tomonidan viloyatimizning uzoq tarixi, o'tmishda sodir bo'lgan voqeliklar haqida ma'lumotlarni berildi.
Tarixni anglash va qadrlash – yuksak ma'naviyat tuyg'usini shakllantirishga qaratilgan, tarix saboqlarini, el-yurt kelajagi yo'lida umr kechirgan insonlar, buyuk allomalar faoliyatini anglash, xotirlash, ularga yuksak ehtirom ko'rsatish, shu tarixni yaratgan xalq sha'nini himoya qilish orqali bugungi kun va kelajakni qadrlashni ifodalovchi tushuncha.
"Yoshlar o'rtasida kitobxonlik madaniyatini oshirish kuni" doirasida adliya boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari Bekzod Chulievning yoshlar bilan uchrashuvi tashkil etildi.
Norasmiy sharoitda, qahva ustida bo'lgan bunday suhbat rahbar va yoshlar orasida samimiy munosabat o'rnatilishiga sabab bo'ldi. Boshqarma boshlig'i o'rinbosari rahbarlik imiji, mashaqqati, muvaffaqiyat uchun bosib o'tiladigan qiyinchiliklar, sabr va matonat yo'li haqida gapirib berarkan yoshlarni bugungi kunda faqat va faqat o'qishlari, bilim olishlari kerakligini alohida ta'kidladilar.
Jamiyatda kitobxonlik madaniyatini oshirish, yoshlarni kitob mutolaasiga bo'lgan qiziqishini shakllantirish borasidagi tashabbuslar bugun albatta o'z samarasini berayotganligi rost.
Adliya vazirligining eng ajoyib loyihalaridan biri bo'lgan "Zukko kitobxon" tanlovi ham minglab kitobxon yoshlarni kashf etishda davom etmoqda.
Yangiobod tumanida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan navbatdagi sayyor qabul tashkil etildi.
Tadbirda tuman Prokuraturasi, Majburiy ijro byurosi tuman bo‘limi, tuman hokimligi, ichki ishlar bo‘limi hamda adliya bo‘limi mas’ullari ishtirok etib, Sovot QFY hududida aholi bilan ochiq muloqot olib borildi.
Dastavval tuman prokurori o‘rinbosari Z. Abdullayev so‘zga chiqib, muhtaram Prezidentimiz tomonidan aholining munosib turmush tarzini ta’minlash, fuqarolar muammolarini hal etish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Qabul davomida 3 nafar fuqarolar tomonidan turli masalalar yuzasidan murojaatlar bildirildi.
Barcha murojaatlar mas’ullar tomonidan nazoratga olinib, tegishli tashkilot va muassasalarga ijroga yo‘naltirildi.
"Yoshlar o'rtasida kitobxonlik madaniyatini oshirish kuni" doirasida adliya boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari Bekzod Chulievning yoshlar bilan uchrashuvi tashkil etildi.
Norasmiy sharoitda, qahva ustida bo'lgan bunday suhbat rahbar va yoshlar orasida samimiy munosabat o'rnatilishiga sabab bo'ldi. Boshqarma boshlig'i o'rinbosari rahbarlik imiji, mashaqqati, muvaffaqiyat uchun bosib o'tiladigan qiyinchiliklar, sabr va matonat yo'li haqida gapirib berarkan yoshlarni bugungi kunda faqat va faqat o'qishlari, bilim olishlari kerakligini alohida ta'kidladilar.
Jamiyatda kitobxonlik madaniyatini oshirish, yoshlarni kitob mutolaasiga bo'lgan qiziqishini shakllantirish borasidagi tashabbuslar bugun albatta o'z samarasini berayotganligi rost.
Adliya vazirligining eng ajoyib loyihalaridan biri bo'lgan "Zukko kitobxon" tanlovi ham minglab kitobxon yoshlarni kashf etishda davom etmoqda.