Yangiliklar
“Shartnomaviy munosabatlarni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni (PF–6313-son, 14.09.2021-y.) qabul qilindi.
Ushbu farmon ayrim shartnomalarni tuzishda oʻrnatilgan suniy cheklovlarni olib tashlash va shartnomaviy munosabatlarda axborot tizimlaridan foydalanish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishni koʻzda tutadi.
Farmonning mazmun-mohiyati yuzasidan Jizzax viloyat teleradiokompaniyasining “Diyor intervyu” koʻrsatuvida viloyat adliya masʼul xodimlari Muhriddin Musurmonov hamda Sherzod Qaynarov oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.
“DIYOR INTERVYU” koʻrsatuvi chorshanba kuni, 22-sentyabr, soat 19.30da efirga uzatildi.
Jizzax Politexnika instituti majlislar zalida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondining granti asosida, Jizzax viloyat “Inson manfaatlari” ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy qoʻllab-quvvatlash markazi tomonidan, “Erkinlik inson huquqi, shaffoflik — uning qadri va manfaatidir” loyihasiga koʻra, “Soʻz erkinligida, axborot olish va tarqatishga oid konstitutsiyaviy normaning ahamiyati” mavzusida ijtimoiy tanlovi gʻoliblari taqdirlandi.
Tanlovda viloyatda huquq sohasini yoritib, ijod qilayotgan jurnalistlar, bosma va elektron ommaviy axborot vositalari xodimlari, blogerlar “Soʻz erkinligida, axborot olish va tarqatishga oid konstitutsiyaviy normaning ahamiyati” mavzusiga doir tanqidiy-tahliliy maqolalari, videorolik, koʻrsatuv, radioeshittirishlari, ijtimoiy hikoyalar kabi targʻibot materiallari bilan qatnashdi.
“Soʻz erkinligida, axborot olish va tarqatishga oid konstitutsiyaviy normaning ahamiyati” mavzusidagi tanlov gʻoliblari quyidagi nominatsiyalarda taqdirlandi:

“Eng faol huquqiy ijtimoiy targʻibotchi” - viloyat teleradiokompaniyasi radio bosh muharriri Sayyora Boʻronova
“Huquqshunos jurnalist”- viloyat adliya boshqarmasi masʼul xodimi Qizlarxon Saidova
“Tezkor va asosli xabarlar qiroli”- viloyat teleradiokompaniyasi yetakchi mutaxassisi Olimjon Qosimov
“Zukko bloger”-Umida Navroʻzova gʻolib boʻldi.
Tadbirda viloyat hokimi oʻrinbosari Latibjon Axmadjonov tanlov gʻoliblarini qutlar ekan, butun dunyoda yuz berayotgan keskin globallashuv sharoitida, axborot olish vositalari va manbalari tobora rivojlanib, zamonaviy qiyofa kasb etayotgan, “axborot asri” deb yuritilayotgan ayni davrda jurnalist kasbining masʼuliyati ayniqsa, huquq sohasidagi islohotlarni hamda yangi qabul qilingan qonun hujjatlarini targʻib etish, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishda jurnalistlarning oʻrni, mashaqqati, kerak boʻlsa, javobgarligi ham tobora oshib borayotganini eʼtirof etdi.
“Ozgina qilgan mehnatim, tez kunda shunchalik samarasini berganidan judayam xursandman! Huquq tartibot organlarining eng soʻnggi yangiliklaridan xalqimizni xabardor qilishda davom etaman. Sababi, har kim oʻz haq-huquqini bilsagina jamiyat rivojlanadi, taraqqiyot yuksaladi, insonlar baxtli boʻladi, eʼtibor va eʼtirof uchun tashakkur!”,-deydi viloyat adliya boshqarmasi huquqiy targʻibot va maʼrifat boʻlimi yetakchi maslahatchisi Qizlarxon Saidova.
Koʻtarinki kayfiyatda oʻtgan tadbir barcha ishtirokchilarda unutilmas taassurot qoldirgani shubhasizdir.
Viloyat hokimligi Axborot xizmati
Adliya vazirligi, hududiy adliya organlari va muassasalari xodimlari ham Xalqaro avtomobilsiz kun munosabati bilan ish joylariga piyoda va velosipedda kelishmoqda.

Siz ham bir kun avtomobilingizdan voz kechib, sogʻlom turmush sari qadam bosing!!!
Gʻallaorol tuman adliya boʻlimi tomonidan tuman ichki ishlar va milliy gvardiya xodimlari ishtirokida huquqiy targʻibot tadbiri oʻtkazildi.
Tadbir davomida yangi qabul qilingan bir qator qonun hujjatlari mazmun-mohiyatiga ham toʻxtalib oʻtildi. Xususan, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi ( 2021-yil 25-avgust, OʻRQ-711-son) Qonuni mazmun-mohiyati va ahamiyati toʻgʻrisida keng maʼlumotlar berildi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi, “Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi (OʻRQ-691-son)Qonuni mazmun-mohiyati xususida atroflicha soʻz bordi.
Gʻallaorol tuman adliya boʻlimi boshligʻi Shukrullo Gʻoziyev “Huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatining eng muhim belgilaridan biri bu — erkin, ochiq saylov tizimining mavjudligi hisoblanadi. Saylovlar orqali fuqarolar bevosita davlat va jamiyat boshqaruvida ishtirok etadi. Shu bois, saylash va saylanish huquqi fuqaroning eng muhim siyosiy huquqlari sirasiga kiradi”-deb oʻz fikr-mulohazalarini yakunladi. Tadbir soʻnggida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berildi.
Huquqiy targʻibot va maʼrifat boʻlimi
Tasdiqlangan reja grafikka asosan, shahar hamda tuman hokimlari bilan adliya boshqarmasi boshlig‘ining hamkorlikdagi sayyor qabullari davom etmoqda. Navbatdagi sayyor qabul Jizzax shahar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi binosida o‘tkazildi.

Shahar hokimi K.Xolmurodov bilan birgalikda o‘tkazilgan sayyor qabulda murojaat etgan fuqarolarning shahar darajasidagi muammoli masalalari o‘rganilib, joyida hal etilishi ta’minlandi.
Sayyor qabul davomida uy-joy uchun ajratiladigan subsidiya tartibi, ta’lim krediti, bankdan kredit olish, “Yoshlar daftari”ga kirish tartibi kabi masalalar bo‘yicha qilingan murojaatlarga tegishli qonunchilik hujjatlari bilan asoslangan holda adliya boshqarmasi boshlig‘i Sh.Saidov tomonidan huquqiy tushuntirishlar berildi.
Sayyor qabulda 40 dan ortiq fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar shahar sektorlari bilan birgalikda atroflicha muhokama qilindi. 12 ta fuqaroning murojaati qanoatlantirildi. 28 nafar fuqarolarning murojaatlari tegishli tartibda ko‘rib chiqish uchun nazoratga olindi. Muddat talab qiladigan masalalar bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi.
Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘limi
Uchastka saylov komissiyalari a’zolari bilan o‘tkazilayotgan seminar-treninglarning sifatli o‘tkazilishi viloyat adliya boshqarmasi tomonidan alohida nazoratga olindi.

Rejaga muvofiq, 14-15 sentyabr kunlari ushbu seminar- treninglar 524 ta saylov uchastkalarida tashkil etilib, unda 6452 nafar tinglovchilar ishtirok etishi belgilandi. O‘tkazilayotgan mashg‘ulotlarning tasdiqlangan dars jadvali asosida sifatli o‘tkazilishi ustidan sektorlar kesimida sektor rahbarlari bilan birgalikda nazorat o‘rnatildi.
Arnasoy tumanidagi 18 ta saylov uchastkasida o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlarni samarali o‘tishini kuzatish maqsadida, viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Shokir Saidov dars jarayonlarida ishtirok etdi.
Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘limi
2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari huzuridagi texnikumlarni o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha turdosh oliy ta’lim hamda tarmoq tashkilotlariga biriktirish, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonini yanada takomillashtirish maqsadida:
“Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari o‘rtasida ta’lim jarayoni hamda tarmoq tashkilotlari bilan ishlab chiqarish amaliyoti uzviyligini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Qarori imzolandi.
Viloyat adliya boshqarmasi tashabbusi bilan ushbu qarorning mazmun-mohiyati yuzasidan davra suhbati tashkil etildi. Suhbatda Jizzax shahar adliya bo‘limi bosh maslahatchisi Jo‘rabek Kulbekov hamda kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi Abdurauf Mamatqulov ishtirok etdi.
Davra suhbati Jizzax teleradiokompaniyasining “TV sharh” ko‘rsatuvi orqali 19 sentyabr, yakshanba kuni, soat 19.30da efirga uzatiladi.
Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘limi
“Ayollar daftari”... Ijtimoiy himoya, uy-joy ta’miri, tibbiy himoya, huquqiy yordam, psixologik maslahatga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, noturar joyda istiqomat qilayotgan, qaramog‘ida nogiron farzandlari bor yolg‘iz ayollar ro‘yxati kiritilgan daftarni varaqlaymiz. Xo‘sh, bugungi kungacha ro‘yxatda qayd etilgan xotin-qizlarga qanday ko‘maklar berildi? Buni Zomin tuman adliya bo‘limi tomonidan amalga oshirilayotgan amaliy ishlarda ko‘rish mumkin. Tuman adliya bo‘limi, IIB hamda mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari hamkorlikda ko‘makka muhtoj ayollarni murojaatlarini qabul qildi. Tuman adliya bo‘limi boshlig‘i M.Alimqulov so‘nggi yillarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar yurtimizning barcha jabhalarini qamrab olganligi, jamiyat va davlat boshqaruvini modernizatsiyalash hamda yangilash, huquqiy-demokratik davlat qurish va erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda eng muhim e’tibor, avvalo, inson huquqlari himoyasiga qaratilganligini qabul davomida alohida ta’kidlab o‘tdi.
Zomin tumanining “Taraqqiyot”, “Birlik”, “Bog‘ishamol” va “Qo‘rg‘on” mahalla fuqarolar yig‘inlarida manzilli qabullar bo‘lib o‘tdi. “Ayollar daftari”ga kiritilgan 25 nafar ayollarning murojaatlari o‘rganib chiqildi. Ayollarga nikoh shartnomasi, aliment, uy-joy hujjatlarini rasmiylashtirish, mol-mulk, meros masalalari, pensiya va nafaqalar hamda kredit olish tartibi to‘g‘risida huquqiy maslahatlar berildi.
Muddat talab qiladigan muammolar nazoratga olindi. Xotin-qizlarni muammolarini bartaraf etish uchun amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar va chora tadbirlar mutasaddilar tomonidan belgilab olindi.
Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘limi
Yurtimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj, qo‘llab-quvvatlashga zarurati bo‘lgan fuqarolarga davlat tomonidan manzilli ko‘maklashish bo‘yicha yangicha tizim joriy qilindi.Bu yo‘nalishda manzilli, har bir shaxs bilan individual va tizimli ravishda muntazam ish olib borishni tashkil qilish maqsadida moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalar bo‘yicha yangi — “Temir daftar”, ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb-hunar o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bo‘lgan xotin-qizlar va yoshlar bo‘yicha tegishlicha «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» tizimlari hayotga tatbiq etildi. Yangiobod tuman adliya bo‘limi tomonidan amalga oshirilayotgan amaliy ishlarda buni yaqqol misolini ko‘rish mumkin.
Yangiobod tuman adliya bo‘limi tashabbusi bilan joriy yilning 9 sentyabr kuni tuman IIB va mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash xodimlari hamkorlikda Yangiobod SHFYdagi “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turuvchi huquqiy yordam olishga muhtoj ayollar uchun sayyor qabul tashkil etildi.
Ehtiyojmand ayollarning muammolari o‘rganilib, bazi murojaatlar joyida hal etildi. Hamda ularga huquqiy maslahatlar, qonunchilikdagi yangiliklar tushuntirib berildi. Vaqt talab qilgan muammolar nazoratga olindi.
Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘limi
Adliya vazirligi tashabbusi bilan Jizzax viloyat adliya boshqarmasi xodimlari o‘rtasida “Mehr ulash” shiori ostida xayriya qon topshirish aksiyasi viloyat qon quyish stansiyada tashkil etildi. Mazkur aksiya aholi o‘rtasida beg‘araz donorlik tizimini rivojlantirish, insonlarda olijanoblik va bag‘rikenglik tuyg‘ularini shakllantirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Aytib o‘tish kerak, Prezidentning 2020 yil 10 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida gematologiya va transfuziologiya xizmatlarini rivojlantirish hamda onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan shaxslarni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorida beg‘araz donorlik va uni rivojlantirish alohida qayd etilgan.
Shu o‘rinda, kimlar qon topshirishi mumkin?
18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan, vazni 55 kilogrammdan yuqori har bir shaxs qon topshirishi mumkin. Yiliga har bir shaxs 4 marta qon topshirsa bo‘ladi.
– Biz ham bemorlarga yordam berish maqsadida ushbu aksiyada faol qatnashib, qon topshirdik, –dedi Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i J.Ishonqulov. – Beg‘araz yordamimiz kimningdir sog‘lig‘ini saqlashga, hayotini uzaytirishga ko‘mak berishiga ishonamiz.
izzax viloyat adliya boshqarmasi jamoasi ushbu hayrli aksiyaga barchani chorlaydi!
Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘limi