Bog'lanish

Telefon
+998 72 221 50 50

Elektron manzil
jizzax@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni1008

Yangiliklar

30
O‘QUVCHI YOSHLAR O‘RTASIDA HUQUQIY TARG‘IBOT TADBIRI O‘TKAZILDI

Mirzachoʻl tumani adliya bo‘limi YXKM xodimlari tomonidan "Bog'zor" MFYdagi maktab bitiruvchi sinf o‘quvchilari uchun targ‘ibot tadbiri tashkil etildi. Unda o‘quvchilarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PF-207-son Farmoni mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi.

Ushbu tadbir davomida:
???? Ta’lim muassasalarida psixofaol moddalar tarqalishining oldini olish va yoshlarda giyohvandlikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish
???? Narkojinoyatlar uchun javobgarlik va jazo choralarining kuchaytirilganligi
???? Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi va ularning kelajakdagi salbiy oqibatlari haqida atroflicha tushuntirishlar berib o‘tildi.

Tadbir yakunida o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga huquqiy javoblar olishdi.

25
“O‘qituvchilarga ehtirom” huquqiy aksiyasi

Joriy yil 25-sentyabrdan 15-oktyabrgacha pedagoglarning huquqiy bilim va  himoyasini kuchaytirishga qaratilgan “O‘qituvchilarga ehtirom” huquqiy aksiyasi o‘tkaziladi.

Aksiya doirasida:

???? seminar-treninglar tashkil etiladi;
???? huquqiy targ‘ibot materiallari tarqatiladi;
???? pedagoglarning tizimli muammolari o‘rganilib, ularni hal etish choralari ko‘riladi;
???? so‘rovnomalar tashkil etiladi;
???? murojaatlar qabul qilinib, ularni hal etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘riladi.

O‘qituvchi huquqi — jamiyat kelajagi va ta’lim sifatining muhim kafolati.

25
Adliya va mahalla: Samarali hamkorlik

Jizzax viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari B.Pirxalov tomonidan o'tkazilgan sayyor qabul G’allaorol tumanining  "Madaniyat" mahallasida tashkil etildi.

Qabul vaqtida adliya boshqarmasi, tuman adliya bo‘limi, mahalla raisi, mahalla xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi va boshqa hamkor tashkilotlarning ishtiroki ta’minlanib, murojaat qiluvchilarning savollariga huquqiy tushuntirishlar berildi, muammoni hal etishda to'g'ri yo'l ko'rsatildi. Mutasaddilar ishtirokida murojaatlarni hal qilib berish choralari ko‘rildi.

Shu bilan birga fuqarolarga sayyor tartibda davlat xizmatlari ham ko'rsatildi.

22
#Adliya_aralashgach

Mirzacho'l tuman adliya bo'limi FHDY bo'limi tomonidan bir necha yillik huquqiy muammo bartaraf etildi.

Fuqari I.Murodova 1992-yilda favot etgan farzandi uchun o‘lim guvohnomasi olinmaganligi sababli hozirda pensiyaga chiqishda oila tarkibida muammo yuzaga kelgan. Shu sababli, Mirzacho‘l tuman adliya bo’limiga murojaat qilib, muammoni tezkorlikda hal etib berish imkonini so'ragan. Adliya bo‘limi tomonidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga favot etganlik faktini belgilash bo'yicha da'vo arizasi kiritilgan. Murojaat ijobiy qanoatlantirilib FXDY bo‘limi tomonidan o'lim guvohnomasi rasmiylashtirildi.

Bir muammo boshqa bir ishga to'sqinlik qilib yangi holatni yuzaga keltirmasligi uchun fuqarolarimizdan mas'uliyat va ogohlikni so'rab qolamiz.

21
Odil sudlov — 2030

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 14 avgustdagi
PF–160-sonli Farmoni bilan “Odil sudlov–2030”: Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi tasdiqlandi.
Ushbu tarixiy hujjat mamlakatda inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish tizimini sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qilgan.
Farmonda belgilangan eng muhim o‘zgarishlar sifatida:

1. Hududlararo sudlarning tashkil etilishi
•    2027-yil 1-iyuldan boshlab umumyurisdiksiya va ma’muriy sud yo‘nalishlarida ishlarni qayta ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘lgan hududlararo sudlar tashkil etiladi.
•    Ushbu sudlarning yurisdiksiya hududi bir nechta ma’muriy-hududiy birliklarni qamrab oladi.

2. Tergov sudyasi vakolatlarining kengaytirilishi
•    2027-yil 1-iyuldan boshlab tergov sudyasiga protsessual majburlov choralarini qo‘llash (sanksiya berish) to‘g‘risidagi iltimosnomalarni ko‘rib chiqishda yangi majburiyat yuklanadi.
•    Sudya nafaqat sanksiya berish masalasini, balki shaxsni ushlab turishning qonuniyligi va asosliligini, shuningdek, unga nisbatan gumon qilish yoki ayblov e’lon qilish uchun yetarli asoslar mavjudligini ham majburiy tartibda tekshiradi.

3. Sud tizimini isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari
Hujjatga ko‘ra, sud tizimini rivojlantirish quyidagi asosiy ustunlarga tayanadi:
•    Sud protsessiga eng zamonaviy huquqiy mexanizmlar va xalqaro institutlarni keng joriy qilish.
•    Xalqchil, ochiq va adolatli sud tizimini barpo etish orqali aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash.
•    “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan odil sudlovga oid strategik maqsadlarni hayotga izchil tatbiq etish.
Xulosa qilib aytganda, ushbu Farmon mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlash va sud mustaqilligini yangi bosqichga ko‘tarishda muhim huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

A.Saidxonov
Fuqarolik ishlari bo‘yicha
Jizzax tumanlararo sudining sudyasi

16
Sud adolati — endi bir qadam yaqin: masofadan murojaat va videokonferensaloqa imkoniyatlari

Raqamli texnologiyalar hayotimizning barcha sohalariga chuqur kirib borayotgan bugungi kunda sud tizimi ham bundan chetda qolmadi. Endi fuqaro yoki tadbirkor o‘z huquqini himoya qilish uchun soatlab navbat kutib, uzoq yo‘l bosib sud binosiga borishining hojati yo‘q — ko‘plab masalalarni uy yoki ofisdan chiqmasdan, elektron tizimlar orqali hal etish mumkin bo‘lmoqda. Ushbu maqolada sudga masofadan turib murojaat qilish hamda sud majlislarida videokonferensaloqa tizimi orqali ishtirok etish tartibi bilan tanishib chiqamiz.
    Sudga elektron tarzda murojaat qilish fuqarolar, tashkilotlar yoki ularning vakillari sudga uch xil yo‘l bilan — shaxsan, pochta orqali yoxud elektron tarzda murojaat etishlari mumkin.
    Elektron murojaat uchun cabinet.sud.uz maxsus shaxsiy kabinet tizimidan foydalaniladi.
    O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik protsessual kodeksining 4-moddasida belgilanishicha sudga murojaat qilish: fuqarolik huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar bo‘yicha — da’vo arizasi shaklida; buyruq tartibida ish yuritish bo‘yicha, alohida tartibda yuritiladigan ishlar bo‘yicha, shuningdek ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa hollarda — ariza shaklida; apellyatsiya yoki kassatsiya, tegishli taftish instansiyasi sudlariga murojaat etilganda — shikoyat (protest) shaklida amalga oshiriladi.
    Da’vo ariza, fuqarolik protsessual kodeksining 189-moddasida belgilangan talablarga muvofiq rasmiylashtirilishi, unda murojaat etuvchining to‘liq ismi-sharifi, manzili, da’vo mazmuni va huquqiy asoslari ko‘rsatilishi, shuningdek davlat boji to‘langanligi haqidagi kvitansiya va boshqa zarur hujjatlar ilova qilinishi lozim.
    Murojaat yuborilgandan so‘ng uning taqdirini kuzatib borish ham osonlashgan. Buning uchun Oliy sudning interaktiv xizmatlar portalida («my.sud.uz») joylashgan «Onlayn kuzatuv» elektron xizmatidan yoki shaxsiy kabinet («cabinet.sud.uz») orqali quyidagi ma’lumotlarni olish mumkin: murojaat qaysi sudga yo‘naltirilgani; ish qaysi sudyaga biriktirilgani; murojaatning hozirgi bosqichi (qabul qilingan, ko‘rib chiqilayotgan yoki rad etilgan); sud majlisining tayinlangan sanasi.
    Sud majlisining aniq kuni va vaqti haqida esa jadval.sud.uz sayti yoki «Sud majlislari jadvali» rukni orqali xabardor bo‘lish mumkin.    Videokonferensaloqa orqali sud majlisida ishtirok etish qonunchilikda belgilangan hollarda taraflar va boshqa ish ishtirokchilari sud binosiga bormasdan, videokonferensaloqa (VKS) rejimida masofadan turib sud majlisida qatnashish huquqiga ega.
    Bu imkoniyat ayniqsa boshqa tuman yoki viloyatda yashovchi fuqarolar, uzoqdagi guvohlar va ekspertlar, shuningdek jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar uchun katta qulaylik yaratmoqda.
    VKS tartibida ishtirok etish uchun ishtirokchidan maxsus texnik sharoit talab etiladi: barqaror internet aloqasi; kamera va mikrofonga ega kompyuter yoki smartfon.     Ushbu tizim mobil dastur orqali ham ishlaydi — fuqaro sud binosiga kelmasdan, o‘z telefoni orqali sud majlisiga qo‘shilishi mumkin. Ishtirok etish tartibi haqidagi batafsil yo‘riqnoma Oliy sudning rasmiy manbaida joylashtirilgan.
    Shuni alohida ta’kidlash kerakki, davlat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni saqlash zarur bo‘lgan, ya’ni yopiq sud majlislarida videokonferensaloqa rejimidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi — bunday majlislar faqat an’anaviy tartibda, sud binosida o‘tkaziladi.
    Bu nima beradi? Sudlar faoliyatini raqamlashtirish, avvalo, vaqt va mablag‘ tejash imkonini beradi — fuqarolar yo‘l xarajatlaridan, ishdan ajralishdan xalos bo‘ladi.     Ikkinchidan, bu — ochiqlik va shaffoflikning muhim ko‘rsatkichi: taraflar sud jarayonini onlayn kuzatish huquqiga ham ega.
    Uchinchidan, ayniqsa chekka hududlarda yashovchi, sog‘lig‘i yoki boshqa sabablarga ko‘ra sudga bora olmaydigan fuqarolar uchun adolat tezroq va arzonroq xizmat ko‘rsatadi.
    Xulosa
    Zamonaviy axborot tizimlari sud adolatini fuqarolarga yanada yaqinlashtirmoqda. Endi har bir kishi cabinet.sud.uz orqali arizasini yuborishi, uning holatini kuzatishi va zarur hollarda sud majlisida uyidan chiqmasdan, videokonferensaloqa orqali ishtirok etishi mumkin. Bu — sud tizimidagi islohotlarning amaliy samarasi bo‘lib, kelgusida yana kengayib borishi kutilmoqda.
Batafsil ma’lumot uchun: sud.uz, my.sud.uz, cabinet.sud.uz

Sobir Nabiev
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Jizzax tumanlararo sudining raisi
Abdulaziz Mustafoqulov
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Jizzax tumanlararo sudining devonxona mudiri

31
Er va xotinning mulkiy huquqlari yoki ular o‘rtasidagi mulk qanday bo‘linadi?

Mavzu haqida to‘xtalganda O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksi va Oliy sudi Plenumining 2023 yil 20 fevraldagi “Sudlar tomonidan er va xotinning umumiy mol-mulkini bo‘lish haqidagi ishlarni ko‘rishda qonunchilikni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida”gi 3-sonli Plenum qarori asosiy ahamiyat kasb etadi. Jumladan, qarorda er-xotin o‘rtasidagi mulkiy nizolarni adolatli hal etish, mulkni teng taqsimlash, voyaga yetmagan bolalar manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asoslari hamda umumiy mulkka kiritilmaydigan shaxsiy mulklar, mol-mulkni bozor narxida baholash va kompensatsiya to‘lash tartiblari aniqlashtirilgan.
Oila kodeksining 23-moddasida er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari, shuningdek nikoh qayd etilgunga qadar, bo‘lajak er-xotinning umumiy mablag‘lari hisobiga olingan mol-mulklari, agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha hol ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanishi belgilab qo‘yilgan.

Ta’kidlash joizki, bu ularning har qanday mol-mulk va daromadlariga taalluqli bo‘lib, er va xotindan biri uy-ro‘zg‘or ishlarini yuritish, bolalarni parvarish qilish bilan band bo‘lgan yoki boshqa uzrli sabablarga ko‘ra mustaqil ish haqi va boshqa daromadga ega bo‘lmagan taqdirda ham er va xotin umumiy mol-mulkka nisbatan teng huquqqa ega bo‘ladi hamda mazkur daromadlar er yoki xotindan qaysi birining nomiga rasmiylashtirilgan yoxud pul mablag‘lari kimning nomiga yoki er va xotinning qaysi biri tomonidan kiritilgan bo‘lishidan qat’i nazar, ular ham er va xotinning umumiy mol-mulki hisoblanadi.

Shu bilan birga qonunchilik nikoh davrida er yoki xotindan har biriga tegishli bo‘lgan mol-mulkning qiymati ancha oshgan bo‘lsa, ushbu mol-mulk manfaatdor er yoki xotinning talabi bo‘yicha sud tomonidan birgalikdagi mulk deb topilishi mumkinligini belgilaydi.
Ya’ni, agarda er yoki xotinning o‘zigagina tegishli bo‘lgan biror-bir mulk agarda nikoh davomida mazkur mol-mulkning qiymati er va xotindan birining mehnati hisobiga ancha oshganligi, shuningdek mol-mulkning nikohga qadar va nikoh davrida mablag‘ qo‘shilgandan keyingi holati ancha o‘zgarganligi holatida sud tomonidan birgalikdagi mulk deb topilishi mumkin.

E’tiborli jihati qonunchilik bilan ayrim mol-mulk va mulkiy huquqlarning bo‘linmasligi haqidagi istisnoli jihatlar ham mavjud bo‘lib, bu haqda to‘xtatib o‘tmaslik mumkin emas.
Xususan, Plenum qarorining 4 va 5-bandlarida er va xotinning yozma kelishuvi asosida aliment majburiyatlarini bajarish yuzasidan ulardan birining nomiga olingan mol-mulk er-xotinning umumiy birgalikdagi mulki hisoblanmasligi, ularning nikohga qadar o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulki, nikoh davomida bepul olgan mol-mulki, shuningdek nikoh davomida umumiy mablag‘lari hisobiga olingan er va xotinning shaxsiy foydalanishdagi buyumlari har birining o‘z mulki hisoblanishi, bundan nikoh davomida umumiy mablag‘lari hisobiga olingan qimmatbaho buyumlar va zeb-ziynatlar bundan mustasno ekanligi haqida tushuntirish berilgan.
Bundan tashqari, qarorning 6-bandida voyaga yetmagan bolalar ehtiyoji uchun olingan narsalar (kiyim-kechak, oyoq kiyim, maktab va sport anjomlari, musiqa asboblari, bolalar kutubxonasi va boshqalar), shuningdek er-xotinning umumiy mol-mulki hisobidan voyaga yetmagan bolalari nomiga qo‘yilgan omonatlar ham bolalarga tegishli ekanligidan kelib chiqib, er va xotinning umumiy mol-mulkini bo‘lishda hisobga olinmasligiydi hamda mazkur mol-mulklar bolalar er va xotindan qaysi biri bilan yashasa, unga kompensatsiyasiz berilishi haqida bayon etilgan.
Er-xotin mol-mukini bo‘lishning yana bir eng muhim xususiyatlaridan biri bu alar tomonidan nikoh shartnomasi tuzilganligi holatidir.
Plenum qarorining 9-bandidagi tushuntirilishicha, er va xotin o‘rtasida notarial tartibda tasdiqlangan nikoh shartnomasi mavjud bo‘lgan hollarda mol-mulk nikoh shartnomasida nazarda tutilgan shartlar asosida bo‘linadi.
Nikoh shartnomasida umumiy mol-mulkning ayrim turlariga nisbatan birgalikdagi umumiy mulkning qonunda belgilangan tartibi (OK 23-moddasi) o‘zgartirilgan hollarda, nikoh shartnomasida ko‘rsatilmagan mol-mulk qonunda belgilangan tartibda bo‘linadi.

Shu bilan birga, nikoh shartnomasining er yoki xotindan birini o‘ta noqulay sharoitga solib qo‘yadigan (masalan, er-xotindan birini nikoh davrida topilgan mol-mulkka nisbatan mulk huquqidan batamom mahrum etadigan) shartlari shu er yoki xotin talabi bo‘yicha sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkinligi belgilangan.
Maqola yakunida er-xotin o‘rtasidagi mol-mulkni bo‘lish masalasida sudga murojaat qilishi mumkin bo‘lgan shaxslar doirasi haqida to‘xtalib o‘tish o‘rinli bo‘lib, jumladan ushbu masalada sudlarga er va xotin, ulardan birining umumiy mol-mulkdagi ulushiga undiruvni qaratish zarurati tug‘ilgan holatlarda kreditor, muomalaga layoqatsiz er yoki xotinning manfaatida uning vasiysi, vafot etgan er yoki xotinning umumiy mol-mulkdagi ulushini aniqlash va bo‘lish haqidagi da’vo arizasi bilan uning merosxo‘rlari murojaat qilishlari mumkin.
Qo‘shimcha tariqasida aytish mumkinki, qonunchilikda fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish vazifasi yuklatilgan boshqa davlat organlari va tashkilotlar ham tegishli shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab mol-mulkni bo‘lish masalasida murojaat qilishga haqlidirlar.

Xulosa o‘rnida, oilada mol-mulk masalasida kelishmovchiliklarning oldini olishning eng samarali yo‘li — er-xotinning o‘z huquq va majburiyatlarini yaxshi bilishi hamda o‘zaro ishonch va kelishuv asosida munosabat yuritishidir.
Shuningdek, nikoh shartnomasini tuzish imkoniyatidan oqilona foydalanish, mol-mulkka oid hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish va huquqiy maslahatlarga amal qilish har ikki tomonning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.
Eng muhimi, mol-mulkni bo‘lish masalasida qonunchilikning asosiy maqsadi tomonlardan birini ustun qo‘yish emas, balki er-xotinning qonuniy huquqlari, manfaatlari va voyaga yetmagan bolalarning huquqlarini adolatli ta’minlashdan iboratdir.

A.Saidxonov
FIB Jizzax tumanlararo sudining sudyasi

22
Iste’molchi va tadbirkor muvozanati: Qonun nima deydi?

Zamonaviy bozor iqtisodiyoti sharoitida har birimiz kundalik hayotda mahsulot sotib olamiz, xizmatlardan foydalanamiz va transportga chiqamiz. Bu jarayonda oddiy fuqaro (iste’molchi) va ishlab chiqaruvchi yoki tadbirkor o‘rtasida manfaatlar to‘qnashuvi tabiiydir. Ana shu munosabatlarni adolatli tartibga solish maqsadida “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan. Ushbu Qonun nafaqat fuqarolarning moddiy manfaatlarini, balki ularning hayoti va sog‘lig‘ini xavfli mahsulotlardan asrashning huquqiy kafolati hisoblanadi.

Qonunning negizini iste’molchining to‘rtta fundamental huquqi tashkil etadi deyish mumkin: xususan, to‘g‘ri ma’lumot olish, xavfsizlik, erkin tanlash va zararning qoplanishi.

Har bir sotuvchi mahsulotning narxi, tarkibi va kafolat muddati haqida yolg‘onsiz ma’lumot berishga majbur. Shuningdek, xaridorni biror tovarni olishga majburlab, boshqa mahsulotni qo‘shib sotish (majburiy assortiment) qonunan taqiqlanadi.
Amaliyotda eng ko‘p uchraydigan holatlardan biri — mahsulotni almashtirish yoki qaytarishdir. Qonunning 14-moddasiga ko‘ra, iste’molchi tovarning ishlab chiqarilishiga, tuzilishiga, tarkibiga doir kamchiliklarni yoki boshqa nuqsonlarni aniqlagan taqdirda sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) uni ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovarga yetti kunlik muddatda, tovar sifatini sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) tomonidan qo‘shimcha ravishda tekshirish zarur bo‘lganida esa, iste’molchi talab qo‘ygan paytdan e’tiboran yigirma kun ichida almashtirib berishi shart.

Agar mahsulotda nuqson (brak) aniqlansa, xaridor quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi:
•    Tovarni sifatlisiga almashtirish;
•    Nuqsonga yarasha narxni arzonlashtirish;
•    Nuqsonni sotuvchi hisobidan bepul ta’mirlatish;
•    Shartnomani bekor qilib, pulning hammasini qaytarib olish.

Agar iste’molchining huquqi buzilsa va sotuvchi muammoni hal qilishdan bosh tortsa, qonun fuqarolarga davlat idoralariga murojaat qilish yo‘llarini ochadi. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bu borada vakolatli organ hisoblanadi.

Eng muhimi, Qonunning 29-moddasi 2-qismiga ko‘ra, iste’molchilar o‘z huquqlarining buzilishi bilan bog‘liq da’volar bo‘yicha, shuningdek, tovar (ish, xizmat)lar xavfsiz bo‘lishi ularning sifati ustidan nazoratni amalga oshiruvchi davlat organlari, iste’molchilarning jamoat birlashmalari iste’molchining (iste’molchilar nomuayyan doirasining) manfaatlarini ko‘zlab qo‘zg‘atiladigan da’volar bo‘yicha davlat boji to‘lashdan ozod qilinadilar.
Xulosa o‘rnida, ushbu Qonun fuqarolarning bozordagi asosiy tayanchidir. Shu bilan birga, har bir inson o‘z huquqlarini to‘laqonli amalga oshirish uchun avvalambor uni bilishi, xarid jarayonida doimo chek talab qilishi va majburiyatlarini anglashi lozim. Iste’mol madaniyatining yuksalishi nafaqat shaxsiy mablag‘ni asraydi, balki mamlakatda halol va sifatli tadbirkorlik muhiti shakllanishiga xizmat qiladi.

A.Saidxonov
FIB Jizzax tumanlararo sudining sudyasi

19
MUNOSABAT

Telegramdagi Forish tumanida xususiy amaliyot bilan shug'ullanuvchi notarius Xolmatov Valistok Usmonovich bilan bog'liq holat yuzasidan.

"Bir fuqaro boshqasiga ishonchnoma berishi uchun tug'ilganlik guvohnomasi talab qilayapdi" mazmunidagi murojaat yuzasidan Jizzax viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Forish tumanida xususiy amaliyot bilan shug'ullanuvchi notariusga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlandi hamda mazkur holat atroflicha o'rganildi.

Xizmat tekshiruvi natijasiga ko'ra notarius V.Xolmatov tomonidan fuqarolar X.Q va X.Qlarning ishonchnoma berish bilan bog'liq murojaatlarini ko'rib chiqishda qonunbuzilishi holatiga yo'l qo'yilmagan deb topildi.

12
MUNOSABAT

Telegramdagi Forish tumanida xususiy amaliyot bilan shig'ullanuvchi notarius Xolmatov Valistok Usmonovich bilan bog'liq holat yuzasidan.

"Bir fuqaro boshqasiga ishonchnoma berishi uchun tug'ilganlik guvohnomasi talab qilayapdi" mazmunidagi murojaat yuzasidan Jizzax viloyat adliya boshqarmasi tomonidan huquqiy amaliyot bilan shug'ullanuvchi notariusga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlanganligi, mazkur holat atroflicha o'rganilib natijasi bo'yicha qo'shimcha ma'lumot berilishi ma'lum qilinadi.